Madinabonu Parpiyeva: “Davlatimiz bizga eng kuchli trenerlarni olib kelmoqda”
Xabaringiz bor, 25-26 sentyabr kunlari poytaxtimizda qilichbozlikning rapira yo‘nalishi bo‘yicha “Satellite” turniri bo‘lib o‘tdi. Rapira qurolida o‘tgan ushbu musobaqada 4 nafar qilichbozimiz bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ular orasida Madinabonu Parpiyeva ham sovrindorlar qatoridan joy oldi. Quyida ushbu sportchimizning musobaqa taassurotlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashamiz:
“Birinchi bellashuvda o‘zimning xatolarim sabab qiyin vaziyatga tushib qoldim. Qozog‘istonlik raqibamga qarshi bahsda 9:14 hisobida ortda borayotgan edim. Keyin o‘zimga kelib oldim va 15:14 hisobi bilan g‘alaba qozondim. Uzoq vaqt mashg‘ulot olib bormaganimni hisobga olsa, yomon natija emas. Yarim finalda mendan ustun kelgan italiyalik qilichboz haqiqatda juda kuchli sportchi ekan. Jamoamizda rapira bo‘yicha kuchli murabbiy keldi. Davlatimiz bizga dunyoning shunday kuchli trenerlarini olib kelayotgan ekan, biz bundan unumli foydalanishga, vatanimiz sha’nini munosib himoya qilishga va’da beramiz”, – dedi Parpiyeva.
Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqa orqali qilichbozlarimiz jahon reytingi uchun qimmatli ochkolarini jamg‘arib olishga muvaffaq bo‘ldilar. Sportchilarimizning kelgusi faoliyatida ularga omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.