“Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalarining oʻtkazilishi tahlil qilindi
Yurtimiz boʻylab oʻtkazilayotgan “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqalari minglab yoshlarimiz tomonidan iliq qarshi olinmoqda. Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida mazkur musobaqalarni yanada samarali oʻtkazish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda Sport vazirligi va MOQ rahbariyati, federatsiyasi va assotsiatsiyalarning masʼullari ishtirok etishdi. Shuningdek, barcha hududlardagi boshqarmalar va sport muassasalari vakillari jarayonni onlayn formatda kuzatib borishdi.
Vazir Adham Ikramov musobaqalarning bugungi kungacha oʻtgan holati boʻyicha tahlillarni maʼlum qildi. Yuqori koʻrsatkich qayd etgan viloyatlar va yosh sportchilarning nomlari eʼlon qilindi. Yengil atletika turlarida baʼzi hududlarda koʻrsatilayotgan natijalar mamlakat chempionati gʻoliblarinikiga juda yaqin kelayotgani alohida eʼtirof etildi.
Oʻz navbatida, MOQ rahbariyati faollik koʻrsatayotgan hududiy boʻlimlarga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Bosh kotib Oybek Kasimov yaqin davrda hududiy bosqich bellashuvlarini tashkil etish uchun Olimpiya standartlariga javob beriladigan inventarlar yetkazib berilishini taʼkidlab oʻtdi.
Yigʻilish yakunida masʼullarga ish samaradorligini oshirish va mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.