“Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” musobaqasiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi
17-may kuni oʻzbek sportida yangi sahifa ochishi kutilayotgan “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya choʻqqilari” ommaviy sport musobaqasiga start beriladi. Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida unga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda spikerlar Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov hamda MOQ raisining oʻrinbosari Sherzod Tashmatov musobaqa haqida batafsil maʼlumot berishdi.
Unga koʻra, bellashuvlar dzyudo, boks, taekvondo WT, ogʻir atletika, yunon-rum kurashi, erkin kurash (yigitlar va qizlar), yengil atletika, stol tennisi, badiiy gimnastika, 3x3 basketbol sport turlarida 15-17 yosh oraligʻida tashkil etiladi. Musobaqada belgilangan yosh toifasidagi istalgan oʻgʻil-qizlar ishtirok etishlari mumkin. Anjumanda spikerlar nega aynan mazkur sport turlari tanlab olingani, roʻyxatdan oʻtish tartibi, gʻolib va sovrindorlarni ragʻbatlantirish va ularga beriladigan imtiyozlar, musobaqa nizomi borasida batafsil maʼlumot berishdi.
Musobaqalar uch bosqichda tashkil etilib, yoshlar dastlab mintaqa, soʻng hudud va yil yakunida Respublika bosqichida bellashishadi. Yakuniy bosqich Prezident Olimpiadasi nomi bilan atalib, unda gʻalaba qozongan sportchilar koʻplab imtiyozlar, katta miqdordagi moddiy mukofotlarga ega boʻlishadi.
Anjuman davomida rasmiylar seleksion xarakterdagi mazkur musobaqaga oid boshqa qiziqarli maʼlumotlar haqida ham toʻxtalib oʻtishdi.