17 Noyabr 2021 2061

Oybek Kasimov: “Mintaqaviy forum – sport menejmentini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida juda foydali platforma”

1-4 noyabr kunlari Toshkentda ilk bor MDH, Boltiqbo‘yi va Gruziya Milliy Olimpiya qo‘mitalari rahbarlari ishtirokida mintaqaviy forum bo‘lib o‘tdi. Yuqori saviyada tashkil etilgan ushbu tadbirda mintaqada sport rivojini yangi bosqichga olib chiqish, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini kuchaytirish kabi istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. E’tiboringizga ushbu forumning asosiy tashkilotchilaridan biri, O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov bilan tadbir haqida tashkil etilgan intervyuni havola qilamiz:

– Forumning asosiy mohiyati nimadan iborat edi va u bizga nima beradi?
– Bilasizmi, bu kabi forumlarning hamkorlikda rivojlanish, yangi strategik rejalar ishlab chiqish kabi yo‘nalishlarda tutgan o‘rni beqiyos. Tadbirda har bir davlat delegatsiyasi o‘tgan davr ichida (forumdan forumgacha) o‘z mamlakatida sport taraqqiyoti borasida qilingan ishlar, sport tibbiyoti, ilmiy-metodik yo‘nalish va boshqa sohalarda erishilgan ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘z tajribalarini almashdi. Bunda tabiiyki biz ham mahalliy federatsiyalarimiz bilan o‘zimizga kerakli narsalarni oldik.
Shuningdek, sport infratuzilmasi hamda katta musobaqalarga terma jamoalarning birgalikda tayyorgarlik ko‘rishi, trener va boshqa mutaxassislarning o‘zaro tajriba almashishi, ilg‘or, zamonaviy uslublar, yangi tendensiyalarga asoslangan tizim yordamida malakali kadrlar (hakamlar, tahlilchilar, sport shifokorlari, psixologlar) tayyorlash ham ko‘zda tutilgan. Shu boisdan, mintaqaviy forum sport menejmentini yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida juda foydali platforma deb hisoblasak, yanglishmagan bo‘lamiz.

– Forum tashkilotchilar rejalashtirganidek o‘tdimi? Mehmonlar unga qanday baho berishdi?
– Forum rejalashtirganimizdan ham a’lo darajada o‘tdi. O‘zim ko‘p marotaba boshqa davlatlarda tashkil etilgan bu kabi forumlarda ishtirok etganman. Biroq Toshkentdagisi avvalgilariga qaraganda anchayin yuqori saviyada o‘tdi, deya olamiz. Bu nafaqat mening, balki unda ishtirok etgan boshqa delegatlarning ham fikri. Faoliyatida shu kabi mintaqaviy forumda bevosita qatnashgan Gruziya, Litva va boshqa MOQ vakillari tadbir shu paytgacha bunday darajada o‘tmaganini ta’kidladilar.
Shuningdek, ular tashkiliy jihatdan marra ancha yuqori olingani, uni tushirib yubormaslik uchun forumning keyingi mezboni Ozarbayjon MOQ vakillari ham ancha mehnat qilishi kerakligini aytdilar. Avvalambor, biz tashkiliy jihatdan kichik detallargacha e’tibor qaratishga harakat qildik. Ishtirokchilarning qay tartibda joylashishidan tortib, dasturning har bir daqiqalarigacha imkon qadar puxta ishlab chiqildi. Natija esa biz kutgandan ham a’lo bo‘ldi. Yana takrorlayman, bu faqat bizning emas, barcha ishtirokchilarning fikri. Tadbir koordinatori Yuriy Nikolayev ham forumdan so‘ng tashkilotchilik uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. Dastur bo‘yicha Samarqand va Toshkent shaharlarining diqqatga sazovor joylariga uyushtirilgan tashrif, shuningdek, kutib olishdan to kuzatish jarayonlarigacha mas’ullar tomonidan har bir mehmonga alohida qaratilgan e’tibor ham yaxshi baholandi.

– Forum davomida bir qator mamlakat MOQlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi…
– Biz bungacha Rossiya, Ukraina, Turkmaniston Milliy Olimpiya qo‘mitalari bilan memorandum imzolagan edik. Bundan tashqari, Belarus ham bir qator sport turlarida kuchli hisoblanadi. Ularning ham bizga tatbiq qilsa bo‘ladigan jihatlari bor. Ozarbayjon Yevropa o‘yinlari, Islom birdamlik o‘yinlari kabi yirik kompleks musobaqalarga mezbonlik qilgan. Kaspiy bo‘yida sport infratuzilmasi ham juda yuqori darajada. Shuningdek, mamlakatda sport tibbiyoti yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bir-birimizdan o‘rganadigan jihatlarimiz bisyor. Shu nuqatai nazardan bu memorandumlar mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va tayyorgarlik jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqishga turtki bo‘ladi.

– E’tibor bersak, hamkorlik memorandumlarining 3 tasi mamlakat MOQlari va yana biri Tatariston Olimpiya kengashi bilan imzolandi. Nega aynan Tatariston Olimpiya kengashi tanlandi?
– Tataristonga keladigan bo‘lsak, ular dastlabki MDH o‘yinlariga mezbonlik qilishdi. Qozonda bo‘lib o‘tgan mazkur kompleks musobaqa doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Tatariston Prezidenti bilan uchrashib, har ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalarini ko‘rib chiqqandi. Bilamizki, Tatariston sport sohasida Rossiyaning poytaxti hisoblanadi. Juda ham ajoyib sport inshootlari mavjud. O‘zbekistonlik sportchilar ko‘plab xorijiy yig‘inlarini aynan Qozon shahrida o‘tkazishadi. Memorandum shartlariga ko‘ra, shu kabi ishlar yuzasidan birgalikda harakat qilish, hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash kabi masalalar o‘rin olgan. Ular Rossiya medallarini Tatariston kesimida ham ko‘rsatishdi. Bu esa Tataristonda sport yaxshi rivojlanganini ko‘rsatadi.Xabaringiz bor, bizning Rossiya Olimpiya qo‘mitasi bilan ham hamkorligimiz bor. Mazkur hamkorlik doirasida Tatariston bilan ham aloqalarni mustahkamlasak nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Ana shularni hisobga olib sport infratuzilmasidan foydalanish, o‘zaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida ularning Olimpiya kengashi bilan kelishuvga erishildi.

– “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida bu kabi forumlar qanday ahamiyat kasb etadi?
– Forum doirasida “Toshkent-2025” yoshlar Osiyo o‘yinlariga ham qiziqish bildirildi. Boku va Qozonning bunday kata turnirlarni o‘tkazish bo‘yicha tajribasi bor. Forumda ishtirok etgan ko‘plab davlatlarda bu kabi musobaqalar bo‘lib o‘tgan. Bunday forumlar doirasida o‘zaro munosabatlar yanada mustahkamlanadi, tajriba almashiniladi. Shu bois bu kabi forumlar ana shunday rejalarni amalga oshirish uchun yaxshi platforma hisoblanadi. Shuningdek, forumda sohaning bir necha yetuk professorlari ishtirok etishdi. Har bir davlat o‘z tashabbusini, sohada erishgan yutuqlarga asoslangan takliflarni ilgari surdi. Bu juda ham yaxshi an’ana. O‘ylaymanki, biz o‘zimizga kerakli narsalarni oldik. Forum sport menejmenti va infratuzilmasi, meditsina, farmakologiya, yirik musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish, malakali murabbiy va mutaxassislarning tajriba almashishi uchun katta maydon bo‘lib xizmat qiladi.
So‘nggi so‘z o‘rnida aytmoqchimanki, forumdan olgan taassurotlarimiz, bilim va ko‘nikmalarimiz kelajakda o‘zbek sportini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Fursatdan foydalanib, tadbirni yuqori saviyada tashkil qilishda yordam bergan Hukumatimiz, tegishli vazirlik va boshqa idoralar, hamkasblarimizga O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va o‘z nomimdan minnatdorchilik bildirib qolaman.

Text to speech