Jahon va Olimpiada rekordchisi Ruslan Nurudinov 30 yoshda!
Bugun ogʻir atletika boʻyicha Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Ruslan Nurudinov tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Ruslan Nurudinov 1991-yilning 24-noyabr kuni Andijon viloyati Xonabod shahrida tavallud topgan. Hamyurtimiz faoliyati davomida sportchi gʻalaba qozonishi mumkin boʻlgan barcha musobaqalarda birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan. Nurudinovda mamlakat birinchiligi, Osiyo va jahon chempionati, Osiyo va Olimpiya oʻyinlarining oltin medallari bor. Eslatib oʻtamiz, sportchimiz Osiyo va Olimpiya oʻyinlari rekordchisi ham hisoblanadi. Joriy yil poytaxtimizda oʻtgan qitʼa chempionatida siltab koʻtarish mashqida jahon rekordini yangiladi. Koʻrsatgan xizmatlari uchun davlatimiz tomonidan “El-yurt hurmati” ordeni va “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi 30 yoshni qarshi olgan Ruslan Nurudinovni bugungi tavallud ayyomi bilan muborakbod etib, unga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan gʻalabalar tilab qoladi.