O'zbekiston milliy Olimpiya qo'mitasi huzuridagi sportchilarning Olimpiya tayyorgarligi markazlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida VM qarori

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" 2018 yil 5 martdagi PF-5368-son Farmoni ijrosini ta'minlash, shuningdek, yuqori mahoratli sportchilarni kompleks, shu jumladan Olimpiya sport turlari bo'yicha yuqori darajada tayyorlash, aholi, ayniqsa, yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida" 2018 yil 5 martdagi PF-5368-son Farmoniga muvofiq:
Samarqand viloyati Samarqand tumanida universal Olimpiya tayyorgarligi va xalqaro musobaqalar o'tkazish markazi;

Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanida milliy terma jamoalarning universal Olimpiya tayyorgarligi markazi;

Jizzax viloyati Zomin tumanida gimnastika bo'yicha Olimpiya tayyorgarligi markazi;

Namangan viloyati Chortoq tumanida sport o'yinlari bo'yicha Olimpiya tayyorgarligi markazi;

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida sport yakkakurashlari bo'yicha Olimpiya tayyorgarligi markazi (keyingi o'rinlarda markazlar deb ataladi) tashkil etilganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

Bunda davlat mulki ob'ektlari O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasiga beg'araz muddatsiz foydalanish huquqi asosida berilgan.

O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasiga yuqorida ko'rsatilgan davlat mulki ob'ektlarini keyinchalik markazlarga maqsadli foydalanish va xo'jalik faoliyati yuritish uchun beg'araz foydalanish (tasarruf etish huquqisiz) uchun berishga ruxsat etilsin.

Quyidagilar markazlarning asosiy vazifalari deb belgilansin:
jahon va Osiyo chempionatlarida, Olimpiya, Paralimpiya va Osiyo o'yinlarida, Universiadalar, boshqa xalqaro va mintaqaviy musobaqalarda O'zbekiston sharafini munosib himoya qilishga qodir xalqaro toifadagi sportchilarni, terma jamoalar a'zolarini tayyorlash uchun zarur sport inventarlari bilan jihozlangan zamonaviy, xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan moddiy-texnika hamda o'quv-mashg'ulot bazasini tashkil etish;

sportning Olimpiya turlari bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoalari (keyingi o'rinlarda terma jamoalar deb ataladi) sportchilarini markazlashtirilgan tartibda tayyorgarlik ko'rishini ta'minlash;

Olimpiya sport turlari bo'yicha terma jamoalarni, sport zaxirasini tayyorlash maqsadida o'z faoliyatini ta'minlash uchun o'zining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish;

sportchilar, terma jamoalar a'zolarining o'quv-mashg'ulot jarayonini xalqaro standartlar darajasida tashkil etish, xalqaro toifadagi sportchilarni tayyorlash uchun yuqori malakali trener-mutaxassislar, psixologlar va metodistlarni, shu jumladan xorijdan keng jalb qilish hisobiga o'quv-mashg'ulot jarayoniga ilg'or xalqaro tajriba inobatga olingan holda yangi ilmiy-uslubiy texnologiyalarni joriy etish orqali ularning nazariy hamda texnik-taktik tayyorgarligi sifatini muntazam oshirish;

trenerlar va sportchilarning professional darajasini oshirish, shu jumladan xorijiy sportchilar va trenerlar uchun pulli asosda o'quv-mashg'ulot yig'inlarini o'tkazish maqsadida tajriba almashish bo'yicha xorijiy sport maktablari, klublari va markazlari bilan hamkorlikni kuchaytirish.

Belgilansinki, markazlarning moddiy-texnika bazasini joriy ta'minlash va mustahkamlash O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasining mablag'lari, markazlarning xizmatlar ko'rsatishdan tushadigan daromadlari, xayriya mablag'lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi xorijdan etakchi mutaxassislarni albatta jalb etgan holda, markazlarni yuqori malakali mutaxassislar va trenerlar bilan to'ldirish bo'yicha zarur choralar ko'rsin.
O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi, jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlari hokimliklarining:
Samarqand viloyatining Samarqand tumanida universal Olimpiya tayyorgarligi va xalqaro musobaqalar o'tkazish markazini qurish;

Jizzax viloyatining Zomin tumanida gimnastika bo'yicha Olimpiya tayyorgarligi markazi, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida sport yakkakurashlari bo'yicha Olimpiya tayyorgarligi markazi, Namangan viloyatining Chortoq tumanida sport o'yinlari bo'yicha Olimpiya tayyorgarligi markazi,Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida milliy terma jamoalar uchun universal Olimpiya tayyorgarligi markazini (keyingi o'rinlarda ob'ektlar deb ataladi) rekonstruktsiya qilish to'g'risidagi takliflari ma'qullansin.

Ob'ektlarni qurish va rekonstruktsiya qilish doirasida:
tegishli hokimliklar huzuridagi "yagona buyurtmachi xizmati" injiniring kompaniyalari — buyurtmachi;

tender savdolari yakunlari bo'yicha belgilangan tartibda aniqlangan tashkilotlar — bosh loyiha va pudratchi tashkilotlar etib belgilansin.

Quyidagilar loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini bajarish, shuningdek, ob'ektlarning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish hamda ularni uskunalar bilan jihozlash borasidagi xarajatlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
a) loyiha-qidiruv hujjatlarini ishlab chiqish, ob'ektlarni qurish, rekonstruktsiya qilish va hududlarni obodonlashtirish bo'yicha — O'zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari;

b) moddiy-texnika bazani takomillashtirish, sport uskunalari, anjomlari va kiyimlari bilan ta'minlash bo'yicha — O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasining mablag'lari, xayriya mablag'lari, xalqaro tashkilotlar grantlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;

v) ularning belgilangan standartlarga muvofiq uzluksiz ishlashini ta'minlash hisobga olinib, tashqi elektr, gaz ta'minoti va aloqa tarmoqlarini qurish va ko'chirish bo'yicha — tegishli viloyatlarning mahalliy byudjeti mablag'lari.

Samarqand viloyatining Samarqand tumani hokimligi Samarqand viloyati injiniring kompaniyasiga "Konigil Agrotexservis" MCHJ agrofirmasi hududidan universal Olimpiya tayyorgarligi va xalqaro musobaqalar o'tkazish markazini barpo etish uchun umumiy maydoni 15,0 gektar bo'lgan er uchastkasini belgilangan tartibda ajratgani ma'lumot uchun qabul qilinsin.
O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Toshkent viloyatlari hokimliklari:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ob'ektlarni qurish hamda rekonstruktsiya qilish, tashqi muhandislik va transport kommunikasiyalarini o'tkazish bilan bog'liq tashkiliy va texnik masalalarni hal etsin;

bosh loyiha tashkiloti bilan birgalikda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqsin va ularni vakolatli davlat ekspertiza organlari bilan kelishishni ta'minlasin;

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, qurilish vazirligi, buyurtmachi va bosh pudratchi tashkilot bilan birgalikda Olimpiya tayyorgarligi markazlarini tashkil etish tadbirlarining ilovaga muvofiq asosiy bosqichlari asosida ob'ektlarni 2020 yilning oxirigacha foydalanishga topshirsinlar.

O'zbekiston Respublikasi qurilish vazirligi ob'ektlarda qurilish-montaj ishlarining sifati yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o'rnatsin.
Mazkur qarorning bajarilishi nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari — "O'zbekiston temir yo'llari" AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Bosh vazir o'rinbosari A.A. Abduhakimov va O'zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh.X. Isroilov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov

Toshkent sh.,

2018 yil 27 iyun,

485-son

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 iyundagi 485-son qaroriga
Ilova

Olimpiya tayyorgarligi markazlarini tashkil etish tadbirlarining

ASOSIY BOSQICHLARI

Text to speech